Simvastatin/Simvastatinretsept bilan rasmini ko'rish

Tarkibi:

Bitta tabletka quyidagilarni saqlaydi: faol modda: 20 mg yoki 40 mg simvastatin, yordamchi moddalar: o‘ta jelatinlangan kraxmal, mikrokristall tsellyuloza, laktoza monogidrati, butilgidroksianizol, limon kislotasi monogidrati, magniy stearati, talk, gipromelloza, titan dioksidi (E171), temir (III) oksidi (Ye172).

Ta'sir etuvchi modda(XPN):

simvastatin

Preparatning savdo nomi:

Simvastatin/Simvastatin

Farmakalogik guruhi:

GMG-KoA-reduktaza ingibitorlari.

Dori shakli:

plyonka qobiq bilan qoplangan tabletkalar

20 mg li tabletkalar: to‘q sariq, oval, ikki tomonlama qavariq, har ikkala tomonida o‘yiqchasi va bir tomonida “20” gravirovkasi bo‘lgan, plyonka qobiq bilan qoplangan tabletkalar. 40 mg li tabletkalar: qizg‘ish-jigarrang, oval, ikki tomonlama qavariq, har ikkala tomonida o‘yiqchasi va bir tomonida “40” gravirovkasi bo‘lgan, plyonka qobiq bilan qoplangan tabletkalar. Har bir tabletkani teng qismlarga ajratish mumkin.

GMG-KoA-reduktaza ingibitorlari.

Simvastatin tegishli beta-gidroksikislotaga tezda gidrolizlanadigan faol bo‘lmagan laktondan iborat. Gidroliz asosan jigarda amalga oshiriladi; odam plazmasida gidroliz tezligi juda sekin kechadi. Jigardan birinchi o‘tishida yaxshi so‘riladi va jadal metabolizmga uchraydi. Jigar shuningdek beta-gidroksikislotaning asosiy ta’sir joyi hisoblanadi. Simvastatin ichga qabul qilinganidan keyin tizimli qon oqimida beta-gidroksikislotaning miqdori qabul qilingan dozaning 5% dan kamni tashkil etgan. Plazmada faol ingibitorlarning maksimal kontsentratsiyalariga preparat qabul qilinganidan keyin taxminan 1–2 soat o‘tgach erishiladi. Ovqatlanish simvastatin so‘rilishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Preparatni ko‘p marta qabul qilish uning to‘planishiga olib kelmaydi. Simvastatin va uning faol metabolitlarini plazma oqsillari bilan bog‘lanishi – 95% dan yuqori. OATR1V1 transport oqsili yordamida simvastatinni gepatotsitlar bilan faol qamrab olinishi yuz beradi. CYP3A4 substrati bo‘lib hisoblanadi. Beta-gidroksikislotadan tashqari yana to‘rtta faol metaboliti hosil bo‘ladi. Ichga qabul qilinganidan keyin 96 soat davomida organizmdan dozaning 13% siydik bilan va 60% ahlat bilan chiqariladi. Beta-gidroksikislota metabolitini vena ichiga yuborilganidan keyin uning yarim chiqarilishi davri o‘rtacha 1,9 soatni tashkil etgan. Farmakokinetikasi kattalarda baholangan. Bolalar va o‘smirlarda farmakokinetikasi bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas. Patsiyentlarning alohida guruhlarida C.521T>C alleli SLCO1B1 geni tashuvchilarida OATP1B1 faolligi ancha pastroq. Simvastatin kislotasining o‘rtacha ekspozitsiyasi (AUC) eng ko‘p uchraydigan genotipli (TT) patsiyentlarga nisbatan S-alleli geterozigota tashuvchilarida (ST) 120% ni va gomozigota tashuvchilarida (SS) 221% ni tashkil etadi. S-alleli yevropalik aholi orasida 18% tez-tezlikda uchraydi. SLCO1B1 polimorfizmli patsiyentlarda simvastatinni yuqori ekspozitsiyasi xavfi mavjud bo‘lib, bu rabdomioliz rivojlanishi yuqori xavfiga olib kelishi mumkin (“Maxsus ko‘rsatmalar” bo‘limiga qarang).

Giperxolesterinemiyada Faqat parhezga va dori vositalarisiz davolashga (masalan, jismoniy mashqlar, vaznni kamaytirish) nisbatan qoniqarli javob bo‘lmaganida davolash parheziga qo‘shimcha ravishda birlamchi giperxolesterinemiyani yoki aralash dislipidemiyani davolashda. Parhezga va qon lipidlari (masalan, PZLP aferezi) darajasini pasaytirish bo‘yicha boshqa davolashga qo‘shimcha ravishda yoki bunday davolash mumkin bo‘lmagan holda oilaviy gomozigotali giperxolesterinemiyani davolashda qo‘llaniladi. Yurak-qon tomir kasalliklarini oldini olishda Aterosklerozning klinik ifodalanishlari yoki xolesterin darajasi normal yoki yuqori bo‘lgan qandli diabet bilan xastalangan patsiyentlarda yurak-qon tomir kasalliklari keltirib chiqaradigan o‘lim darajasi va asoratlarni pasaytirish uchun boshqa xavf omillarini muvofiqlashtirish va kardioprotektiv davolashga qo‘shimcha ravishda qo‘llaniladi.

Kechqurun bir marta sutkada 5 mg dan 80 mg gacha dozalarda ichga qabul qilinadi. Zarurat bo‘lganida dozaga kamida 4 haftalik interval bilan tuzatish kiritiladi. Preparatning maksimal sutkalik dozasi kechqurun bir marta 80 mg dan oshmasligi kerak. 80 mg li doza faqat og‘ir giperxolesterinemiyali va yurak-qon tomir asoratlari xavfi yuqori bo‘lgan, past dozalari bilan davolash istalgan natijani bermagan, davolashdan kutiladigan foyda potentsial xavfdan ortiq bo‘lgan patsiyentlarga tavsiya etiladi (“Maxsus ko‘rsatmalar” bo‘limiga qarang). Giperxolesterinemiyada Patsiyentga standart gipoxolesterin parhezi buyuriladi, u bu parhezga simvastatin bilan davolashning barcha kursi davomida rioya qilishi kerak. Simvastatinni odatdagi boshlang‘ich dozasi: kechqurun sutkada 10–20 mg. PZLP xolesterini kontsentratsiyasini sezilarli darajada (45% dan ortiq) pasaytirish zarurati bo‘lganida boshlang‘ich doza kechqurun bir marta sutkada 20–40 mg ni tashkil etishi mumkin. Agar zarur bo‘lsa, dozaga yuqorida ta’riflanganidek tuzatish kiritiladi. Oilaviy gomozigotali giperxolesterinemiyada Tavsiya etiladigan boshlang‘ich doza: kechqurun sutkada 40 mg. Ushbu guruhdagi patsiyentlarda cimvastatinni lipidlar darajasini pasaytirish bo‘yicha boshqa davolashga qo‘shimcha ravishda yoki bunday davolash mumkin bo‘lmagan hollarda qo‘llash lozim. Yurak-qon tomir kasalliklarini oldini olishda Yurak ishemik kasalligi (giperlipidemiyali yoki usiz YUIK) xavfi yuqori bo‘lgan patsiyentlar uchun odatdagi doza: kechqurun bir marta sutkada 20–40 mg. Dori bilan davolashni parhez va jismoniy mashqlar majmuasi bilan birgalikda boshlash mumkin. Agar zarur bo‘lsa, dozaga yuqorida ta’riflanganidek tuzatish kiritiladi. Yondosh davolashda Simvastatin monoterapiya sifatida yoki o‘t kislotalari sekvestrantlari bilan majmuada samarali bo‘ladi. Simvastatinni o‘t kislotalari sekvestrantlarini qabul qilishdan eng kamida 2 soat oldin yoki qabul qilinganidan keyin 4 soat o‘tgach qabul qilish lozim. Simvastatin bilan bir vaqtda fibratlarni (gemfibrozil (“Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar” bo‘limiga qarang) yoki fenofibrat bundan mustasno) qabul qilayotgan patsiyentlarda simvastatin dozasi sutkada 10 mg dan oshmasligi kerak. Bir vaqtda amiodaron, amlodipin, verapamil yoki diltiazemni qabul qilayotgan patsiyentlarda simvastatin dozasi sutkada 20 mg dan oshmasligi kerak. Buyrak yetishmovchiligida O‘rtacha buyrak yetishmovchiligida dozaga tuzatish kiritish talab qilinmaydi. Og‘ir buyrak yetishmovchiligida (kreatinin klirensi minutiga 30 ml dan kam) sutkada 10 mg dan oshadigan dozalardan imkon qadar saqlanish, ularni buyurishga zarurat bo‘lganida esa preparatni o‘ta ehtiyotkorlik bilan qo‘llash lozim. Keksa yoshdagi shaxslarda Dozaga tuzatish kiritish talab qilinmaydi. Bolalar va o‘smirlarda (10–17 yoshdagi) Oilaviy gomozigotali giperxolesterinemiyasi bo‘lgan bolalar va o‘smirlar uchun (jismoniy rivojlanishi Tanner shkalasi bo‘yicha II bosqich va undan yuqorida bo‘lgan o‘g‘il bolalar uchun va menarxedan keyin eng kamida bir yil o‘tgan 10–17 yoshdagi qiz bolalar uchun) odatdagi boshlang‘ich doza kechqurun bir marta sutkada 10 mg ni tashkil etadi. Tavsiya etiladigan dozalar diapazoni: sutkada 10–40 mg; tavsiya etiladigan maksimal doza: sutkada 40 mg. Dozalar davolash vazifalariga muvofiq shaxsiy ravishda belgilanishi va pediatriyada davolash bo‘yicha tavsiyalarga mos kelishi kerak. Zarurat bo‘lganida dozaga tuzatish kiritish 4 hafta va undan ortiq interval bilan o‘tkaziladi. Simvastatinni prepubertat yoshdagi bolalarda qo‘llash tajribasi chegaralangan.

Nojo‘ya ta’sirlari uchrash tez-tezligiga bog‘liq ravishda quyidagi toifalarga kiritilgan: juda tez-tez (>1/10), tez-tez (≥1/100, <1/10), tez-tez emas (≥1/1000, <1/100), kam hollarda (≥1/10000, <1/1000), juda kam hollarda (<1/1 000), tez-tezligi noma’lum (mavjud ma’lumotlar asosida baholash mumkin emas).

Simvastatinga yoki preparatning har qanday yordamchi moddalariga yuqori sezuvchanlikda.Jigar kasalliklari faol bosqichda bo‘lganida yoki zardobda transaminazalar darajasining izohlab bo‘lmaydigan turg‘un oshishida;Homiladorlik va laktatsiya davrida.Itrakonazol, ketokonazol, pozakonazol, vorikonazol, OITV proteazasi ingibitorlari (masalan, nelfinavir), botseprevir, telaprevir, eritromitsin, klaritromitsin, telitromitsin, nefazodon va kobitsistatni saqlaydigan dori preparatlari kabi CYP3A4 kuchli ingibitorlarini (simvastatin AUC ni taxminan 5 va undan ko‘p marta oshiruvchi ta’sir etadigan moddalarni) birgalikda qo‘llash.Gemfibrozil, tsiklosporin yoki danazolni birgalikda qo‘llash.Lomitapidni gomozigotali giperxolesterinemiyasi bo‘lgan patsiyentlarda simvastatinni > 40 mg dozalarda qabul qilish bilan bir vaqtda qo‘llash mumkin emas.

Simvastatinning o‘zaro ta’sirlariga doir tadqiqotlar faqat kattalarda o‘tkazilgan. Simvastatinni fibratlar bilan birgalikda qo‘llanilganida miopatiya (va rabdomioliz) rivojlanishi xavfi oshadi. Bundan tashqari, simvastatin va gemfibrozilni farmakokinetik o‘zaro ta’siri natijasida plazmada simvastatin kontsentratsiyalari oshadi. Simvastatin va fenofibratni birgalikda qo‘llanilganida miopatiya xavfi har bir preparatni alohida qo‘llanilganidagi xavflar yig‘indisidan oshib ketishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar olinmagan. Farmakonadzor va farmakokinetik tadqiqotlarning boshqa fibratlarga oid tegishli ma’lumotlari mavjud emas. Miopatiya va rabdomiolizning kam uchraydigan hollari simvastatinni niatsinning (nikotin kislotasining) lipid-modifikatsiyalovchi dozalari (≥ 1 g/sutka) bilan birgalikda qo‘llanilishi bilan bog‘liq bo‘lgan (“Maxsus ko‘rsatmalar” bo‘limiga qarang). O‘tkazilgan farmakokinetik tadqiqotda ajralib chiqishi uzaytirilgan 2 g nikotin kislotasini va 20 mg simvastatinni bir marta bir vaqtda qo‘llanilishi simvastatin va simvastatin kislotasi ekspozitsiyasini, shuningdek simvastatin kislotasi Smax plazma kontsentratsiyasining sezilarli bo‘lmagan darajada oshishiga olib kelgan. Miopatiya va rabdomioliz rivojlanishi xavfi CYP3A4 tsitoxromi kuchli ingibitorlari (plazmada GMG-KoA-reduktazaning ingibitsiya qiluvchi faolligini kuchayishi hisobiga), gemfibrozil, tsiklosporin, danazol bilan birgalikda qo‘llanilganida sezilarli darajada oshadi. Shu sababli mazkur preparatlarni simvastatin bilan birgalikda qabul qilish mumkin emas. Miopatiya va rabdomioliz rivojlanishi xavfi simvastatin va lomitapidni bir vaqtda qo‘llanilganida yuqori bo‘lishi mumkin (“Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar” bo‘limiga qarang). Fuzid kislotasi va statinlarni qabul qilgan patsiyentlarda rabdomioliz rivojlanishi (hatto o‘lim bilan yakunlanishigacha) haqida xabar berilgan. Mazkur o‘zaro ta’sir mexanizmi haligacha noma’lum. Agar fuzid kislotasining tizimli qo‘llanilishi haqiqatdan ham zarur bo‘lsa, simvastatin bilan davolashni fuzid kislotasi bilan davolash vaqti mobaynida to‘xtatish lozim (“Maxsus ko‘rsatmalar” bo‘limiga qarang). Miopatiya va rabdomioliz rivojlanishi xavfi CYP3A4 tsitoxromining o‘rtacha ingibitorlari, amiodaron, verapamil, diltiazem, amlodipin, OATP1B1 transport oqsillarining ingibitorlari bilan birgalikda qabul qilinganida ham shuningdek oshadi (“Maxsus ko‘rsatmalar” bo‘limiga qarang). Simvastatin kislotasi OATP1B1 transport oqsillari substrati bo‘lib hisoblanadi. OATP1B1 transport oqsillarining ingibitorlari bo‘lgan dori vositalarini birgalikda buyurish plazmada simvastatin kislotasi kontsentratsiyasini ko‘payishiga va miopatiya rivojlanishi xavfini oshishiga olib kelishi mumkin. Greypfrut sharbati CYP3A4 tsitoxromini ingibitsiya qiladi (simvastatin kislotasining ekspozitsiyasi oshadi). Simvastatin bilan davolash vaqtida greypfrut sharbatini iste’mol qilishdan saqlanish zarur. Miopatiya va rabdomioliz rivojlanishining yuqori xavfi munosabati bilan “Qo‘llash usuli va dozalari”, “Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar” va “Maxsus ko‘rsatmalar” bo‘limlarida o‘zaro ta’sir etuvchi dori vositalarini dozalari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etilgan. Buyrak faoliyatini buzilishi bo‘lgan patsiyentlarda kolxitsin va simvastatinni birgalikda buyurilganida miopatiya va rabdomioliz rivojlanishi haqidagi xabarlar mavjud. Preparatlarning bunday kombinatsiyasi qabul qilinganida sinchkov klinik nazorat qilish tavsiya etiladi. Rifampitsin CYP3A4 ning kuchli induktori bo‘lganligi tufayli, rifampitsinni uzoq vaqt davomida qabul qilayotgan patsiyentlarda simvastatin samaradorligi pasayishi mumkin. Simvastatin CYP3A4 tsitoxromini ingibitsiya qilmaydi. Shu sababli u CYP3A4 tsitoxromi bilan metabolizmga uchraydigan boshqa dori preparatlarining plazmadagi kontsentratsiyalariga ta’sir ko‘rsatishini kutishga asos yo‘q. Simvastatin sutkada 20–40 mg dozada kumarin antikoagulyantlari ta’sirini bir muncha kuchaytirishi mumkin. XMN oshishiga doir juda kam uchraydigan hollar haqida xabar berilgan. Kumarin antikoagulyantlarini qabul qilayotgan patsiyentlarda simvastatin bilan davolash boshlanishiga qadar va davolash vaqtida muntazam ravishda protrombin vaqtini mazkur ko‘rsatkichdagi sezilarli o‘zgarishlarni kuzatish uchun aniqlash zarur. Qiymatlari barqarorlashganidan keyin protrombin vaqtini odatda kumarin antikoagulyantlarini qabul qilayotgan patsiyentlar uchun tavsiya etiladigan intervallar bilan o‘lchash mumkin. Simvastatin dozasi o‘zgarganida yoki davolash to‘xtatilganida mazkur tahlilni takrorlash lozim. Antikoagulyantlarni qabul qilmagan patsiyentlarda simvastatin bilan davolash qon ketishlar yoki protrombin vaqtini o‘zgarishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan.

Miopatiya/rabdomioliz GMG-KoA-reduktazaning boshqa ingibitorlari kabi simvastatin gohida miopatiyani keltirib chiqaradi, u mushaklarda og‘riqlar, mushaklarni palpatsiya qilishda og‘riq yoki bo‘shashish ko‘rinishida namoyon bo‘ladi va kreatinfosfokinaza (KFK) darajasining normal qiymatlari o‘n martadan ortiq oshishi bilan kechadi. Ayrim hollarda miopatiya mioglobinuriya oqibatida o‘tkir og‘ir buyrak yetishmovchiligi bilan yoki usiz rabdomioliz shakliga o‘tadi, bu juda kam hollarda o‘limga olib keladi. Miopatiya rivojlanishi xavfi plazmada GMG-KoA-reduktazaning yuqori ingibitsiya qiluvchi faolligida oshadi. Miopatiya/rabdomioliz xavfi preparat dozasiga bog‘liq. Miopatiya hollarining taxminan yarmisida u davolashning birinchi yili davomida yuzaga kelgan. Davolashning keyingi har yilida miopatiya rivojlanishi tez-tezligi taxminan 0,1% ni tashkil etadi. Simvastatinning 80 mg li dozasidan faqat yurak-qon tomir asoratlari rivojlanishi xavfi yuqori bo‘lgan, past dozalar bilan davolash istalgan natijani bermagan, og‘ir giperxolesterinemiyali patsiyentlarda hamda davolashdan kutiladigan foyda potentsial xavfdan oshgan taqdirda foydalaniladi. Agar simvastatin 80 mg dozada qabul qilinganida u bilan o‘zaro ta’sir qiluvchi preparatdan foydalanish zarur bo‘lsa, simvastatinni ancha past dozalaridan yoki dorilarning o‘zaro ta’sirlashishi imkoniyati kam bo‘lgan holda statinlarni qo‘llash tartibidan foydalanish lozim (quyida dori preparatlarining o‘zaro ta’sirlashishidan kelib chiqadigan miopatiya rivojlanishi xavfini pasaytirishga doir choralarga, shuningdek “Qo‘llash usuli va dozalari”, “Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar” va “Dorilarning o‘zaro ta’siri” bo‘limlariga qarang). Yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishi xavfi yuqori bo‘lgan, simvastatinni sutkada 40 mg dozada qabul qilgan xitoy millatiga mansub patsiyentlarda miopatiya preparatning xuddi shunday dozasini qabul qilgan boshqa millatlarga nisbatan taxminan 5 marta ko‘proq rivojlangan. Shunday qilib, simvastatinni osiyolik patsiyentlarga buyurilganida ehtiyotkorlikka rioya qilish va preparatning eng past dozalaridan foydalanish lozim. Transport oqsillari faoliyatini pasayishi Organik anionlarning jigar transport polipeptidlari faoliyatini pasayishi simvastatin kislotasining tizimli ekspozitsiyasini oshirishi va miopatiya va rabdomioliz rivojlanishi xavfini oshirishi mumkin. O‘zaro ta’sirlashuvchi preparatlar (masalan, tsiklosporin) keltirib chiqaradigan yoki OATR1V1 ning kichik faolligini kodlovchi SLCO1B1 c.521T>S geni allelini tashuvchi patsiyentlarda so‘ndirilish natijasida faoliyatning pasayishi kuzatilishi mumkin. Simvastatinning yuqori dozalarini (80 mg) qabul qilish bilan bog‘liq miopatiya rivojlanishi xavfi umumiy holda genetik testdan o‘tkazishsiz taxminan 1% ni tashkil etadi. 80 mg preparatni qabul qilgan S allelining gomozigotali tashuvchilarida (SS deb nom olgan) bir yil davomida miopatiya rivojlanishi xavfi 15% ni tashkil etadi, ayni vaqtda S allelining geterozigotali tashuvchilarida (ST) ushbu xavf 1,5% ni tashkil etadi. Eng ko‘p tarqalgan genotipli (TT) patsiyentlarda ushbu xavf 0,3% ni tashkil etadi. Imkon qadar 80 mg simvastatinni buyurishdan oldin davolash xavfi va foydasini baholash doirasida S allelini aniqlash uchun genotiplashni ko‘rib chiqish, SS genotipi aniqlangan shaxslarda esa preparatning yuqori dozalarini buyurishdan tiyilish lozim. Shunga qaramay, genotiplashda mazkur genni yo‘qligi miopatiya rivojlanishi imkoniyatini istisno etmaydi. Kreatinfosfokinaza darajasini aniqlash Agar KFK ni dastlabki darajasi sezilarli darajada (normaning yuqori chegarasidan 5 martadan ko‘p yuqori darajada) ortiq bo‘lsa va bunda kuchli jismoniy zo‘riqish ta’siri hamda KFK oshishining boshqa ehtimol qilingan sabablari istisno qilingan bo‘lsa, natijalarni tasdiqlash uchun tahlilni 5-7 kundan keyin takrorlash lozim. Davolash boshlanishidan oldin Davolash boshlanishida va simvastatin dozasi oshganida barcha patsiyentlarni miopatiya rivojlanishi xavfi ehtimoli va har qanday tushuntirib bo‘lmaydigan mushak og‘rig‘i, mushaklar bosilganda og‘riqli holat yoki mushaklarning zaifligi paydo bo‘lganida shifokorga darhol murojaat qilish zarurligi haqida ogohlantirish zarur. Rabdomioliz rivojlanishi xavfi omillari bo‘lgan patsiyentlarni davolashga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur. KFKning referent dastlabki qiymatini davolashni boshlashdan oldin keksa yoshdagi (65 yosh va undan katta) shaxslarda, ayollarda, buyrak faoliyatining buzilishida, nazorat qilinmaydigan gipotireozda, bemor yoki uning qarindoshlari anamnezida mushakning irsiy kasalliklari bo‘lganida, anamnezda statinlar yoki fibratlar bilan davolashda mushaklarning toksik shikastlanishi rivojlanishining mavjudligida, alkogolni suiiste’mol qilishda belgilash lozim. Ushbu hollarda davolashdan kutilgan foyda va xavf nisbatini sinchkovlik bilan baholash va patsiyent holati yuzasidan klinik kuzatuvni amalga oshirish tavsiya etiladi. Agar o‘tmishda fibratlar yoki statinlar bilan davolashda patsiyentda miopatiya rivojlangan bo‘lsa, ushbu sinfdagi boshqa preparatni o‘ta ehtiyotkorlik bilan buyurish lozim. Agar KFKning dastlabki qiymatlari sezilarli darajada (normaning yuqori chegarasidan 5 martadan ko‘p yuqori darajada) ortiq bo‘lsa, simvastatin bilan davolashni boshlash mumkin emas. Davolash davomida Agar statin bilan davolash vaqtida mushak og‘rig‘i, zaiflik yoki tirishishlar paydo bo‘lsa, KFK darajasini o‘lchash lozim. Agar kuchli jismoniy mashqlar bo‘lmaganida tahlil KFK kontsentratsiyasini sezilarli (normaning yuqori chegarasidan 5 martadan ko‘p yuqori) darajada oshishini ko‘rsatsa, davolashni to‘xtatish lozim. Agar mushak simptomlari og‘ir va kundalik diskomfortga sababi bo‘lsa, hatto KFK qiymatlari normaning yuqori chegarasidan 5 martadan kam bo‘lsa ham preparat qo‘llanilishini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Agar miopatiyaning boshqa sababi taxmin qilinsa, davolashni shuningdek to‘xtatish tavsiya qilinadi. Ayrim statinlarni qabul qilish vaqtida va undan keyin immun vositasida nekrozlanuvchi miopatiyaning (IVNM) juda kam uchraydigan hollari haqida xabar qilingan. IVNM mushaklarning proksimal bo‘limlarida doimiy mushak zaifligi va statinlar bilan davolash bekor qilinganiga qaramay saqlanib qolgan KFK darajasining oshishi bilan, mushak to‘qimasi biopsiyasida aniqlangan sezilarli bo‘lmagan yallig‘lanishsiz nekrozlanuvchi miopatiya bilan, immunodepressantlardan foydalanilganida yaxshilanishi bilan klinik ifodalanadi. Simptomlari yo‘qolganida va KFK darajasi normal qiymatga kelganida ushbu statin bilan davolashni qayta boshlash yoki boshqa statin bilan sinchkov nazorat ostida minimal dozalarda davolashni boshlash masalasini ko‘rib chiqish mumkin. Miopatiya rivojlanishining ancha yuqori xavfi preparatning 80 mg dozasini qabul qilishga o‘tkazilgan patsiyentlarda qayd etilgan. Vaqti-vaqti bilan KFK darajasini aniqlash tavsiya etiladi, bu miopatiyaning subklinik holatlarini aniqlashga imkon beradi. Biroq bunday monitoringni olib borish miopatiya rivojlanishini oldini olmaydi. Simvastatin bilan davolashni rejali keng qamrovli jarrohlik aralashuvlaridan bir necha kun oldin va nazarda tutilmagan jiddiy terapevtik yoki jarrohlik holati yuzaga kelgan hollarda vaqtincha to‘xtatiladi. Dori preparatlarining o‘zaro ta’siridan kelib chiqadigan miopatiya rivojlanishi xavfini pasaytirishga doir choralar (shuningdek “Dorilarning o‘zaro ta’siri” bo‘limiga qarang) Miopatiya va rabdomioliz rivojlanishi xavfi simvastatin va CYP3A4 ning kuchli ingibitorlarini, shuningdek gemfibrozil, tsiklosporin va danazolni bir vaqtda qo‘llanilganida sezilarli darajada oshadi (“Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar” bo‘limiga qarang). Agar CYP3A4 ning kuchli ingibitorlari bilan davolashdan voz kechish mumkin bo‘lmasa, simvastatin bilan davolashni vaqtincha to‘xtatish va boshqa statinlardan foydalanishni nazarda tutish lozim. Miopatiya va rabdomioliz rivojlanishi xavfi simvastatin va CYP3A4 ning o‘rtacha (simvastatin AUC ni taxminan 2–5 marta oshiruvchi) ingibitorlarini bir vaqtda qo‘llanilganida ham oshadi. Flukonazol, verapamil va diltiazemni bir vaqtda qo‘llanilganida ehtiyotkorlikka rioya qilish zarur, simvastatin dozasiga tuzatish kiritish talab qilinishi mumkin. Simvastatinni sutkada 20 mg dan yuqori dozalarda amiodaron, amlodipin, verapamil va diltiazem bilan birgalikda qo‘llanilishidan voz kechish lozim. Oilaviy gomozigotali giperxolesterinemiyasi bo‘lgan patsiyentlarda simvastatinni sutkada 40 mg dan yuqori dozalarda lomitapid bilan birgalikda qo‘llanilishidan voz kechish lozim. Simvastatin bilan davolash vaqtida greypfrut sharbatini iste’mol qilishdan saqlanish lozim. Simvastatinni fenofibratdan tashqari boshqa fibratlar bilan qabul qilayotgan patsiyentlarda miopatiya va rabdomioliz rivojlanishi xavfi oshishi munosabati bilan simvastatin dozasi sutkada 10 mg dan oshmasligi kerak. Fenofibratni simvastatin bilan birgalikda buyurilganida ehtiyotkorlikka rioya qilish lozim, chunki alohida qo‘llaniladigan har bir preparat miopatiya rivojlanishini keltirib chiqarishi mumkin. Statinlar va fuzid kislotasi bilan davolashda rabdomioliz rivojlanishi hollari (shu jumladan o‘lim bilan yakunlangan holatlar) haqida xabarlar kelib tushgan. Simvastatinni fuzid kislotasining tizimli dori shakllari bilan bir vaqtda, shuningdek fuzid kislotasi bilan davolash to‘xtatilganidan keyin 7 kun davomida buyurish mumkin emas. Fuzid kislotasini tizimli qo‘llash zarurati bo‘lganida fuzid kislotasi bilan davolashning jami vaqti davomida statinlarni qo‘llash bekor qilinadi. Patsiyentlar mushak zaifligi, palpatsiyada og‘riq yoki sezuvchanlik kabi simptomlar rivojlangan taqdirda tibbiy yordam olish uchun darhol murojaat qilishlari kerak. Statinlar bilan davolash fuzid kislotasining so‘ngi dozasi qabul qilinganidan keyin 7 kun o‘tgach qayta boshlanishi mumkin. Fuzid kislotasini uzoq muddat davomida tizimli qo‘llash zarur bo‘lgan ayrim hollarda, masalan og‘ir infektsiyalarni davolashda har bir alohida holatda simvastatin va fuzid kislotasini birgalikda buyurilishi zaruratini ko‘rib chiqish, davolashni esa sinchkov tibbiy kuzatuv ostida amalga oshirish talab qilinadi. Kam hollarda miopatiya/rabdomioliz GMG-KoA-reduktaza ingibitorlari va niatsinni (nikotin kislotasini) lipid-modifikatsiyalovchi dozada (≥ 1 g/sutka) bir vaqtda qo‘llanilishi bilan bog‘liq bo‘lgan, garchi ushbu preparatlarning har biri alohida qo‘llanilganida ham miopatiya rivojlanishini keltirib chiqarishi mumkin. Simvastatin va niatsinni (nikotin kislotasini) lipid-modifikatsiyalovchi dozada (≥ 1 g/sutka) yoki niatsinni saqlovchi preparatlar bilan majmuaviy davolashni qo‘llash ko‘rib chiqilayotganida shifokor potentsial foyda va xavflarni sinchkovlik bilan solishtirib ko‘rishi hamda mushak og‘rig‘i, palpatsiyada og‘riqning mavjudligi yoki mushak zaifligining har qanday belgilari va simptomlari yuzasidan, ayniqsa davolashning dastlabki oylari davomida, shuningdek har qanday preparatning dozasi oshirilganida sinchkovlik bilan kuzatuvni amalga oshirishi kerak. Xitoy millatiga mansub shaxslarda miopatiya yuzaga kelishi tez-tezligi yuqori bo‘lganligi sababli, osiyolik shaxslarga simvastatinni niatsinning (nikotin kislotasining) lipid-modifikatsiyalovchi dozalari (≥ 1 g/sutka) bilan bir vaqtda buyurilishi tavsiya etilmaydi. Atsipimoks struktura jihatidan niatsinga yaqin. Garchand atsipimoksni qo‘llanilishi o‘rganilmagan bo‘lsa-da, mushaklarga toksik ta’siri xavfi niatsin ta’siri xavfiga o‘xshash bo‘lishi mumkin. Jigarga ta’siri Zardobda transaminazalar darajasi turg‘un (normaning yuqori chegarasidan 3 martadan ortiq) oshishi mumkin. Simvastatin qo‘llanilishi to‘liq yoki vaqtincha bekor qilinganida transaminazalar darajasi odatda dastlabki qiymatlariga qadar asta-sekin pasayadi. Davolash boshlanishidan oldin va keyinchalik klinik ko‘rsatmalarga muvofiq jigar faoliyatini tekshirish tavsiya etiladi. Simvastatin dozasini 80 mg gacha oshiriladigan patsiyentlarda doza oshirilishidan oldin, doza 80 mg gacha oshirilganidan keyin 3 oy o‘tgach va so‘ngra davolashning birinchi yili davomida davriy (masalan, har 6 oyda) jigar faoliyatini qo‘shimcha tekshirishlari o‘tkaziladi. Transaminazalar darajasi yuqori bo‘lgan patsiyentlarga alohida e’tibor qaratish lozim. Ularga qisqa muddatlarda takroriy tahlillar o‘tkazilishi buyuriladi, so‘ngra esa odatdagi patsiyentlarga nisbatan tez-tez o‘tkaziladi. Agar transaminazalar darajasini o‘sishi davom etsa, ayniqsa agar u normaning yuqori chegarasidan 3 marta yuqori bo‘lsa va ushbu belgida turg‘un qolsa, simvastatin bilan davolashni to‘xtatish lozim. ALT mushaklardan ajralishini ham nazarda tutish lozim, demak ALT va KFK qiymatlarini oshishi miopatiya rivojlanishidan dalolat berishi mumkin (yuqorida Miopatiya/Rabdomioliz bo‘limiga qarang).

Simvastatinni homiladorlarga, homilador bo‘lishga harakat qilayotgan yoki homiladorlikka ehtimol qilinayotgan ayollarda qo‘llash mumkin emas. Simvastatin bilan davolashni homiladorlik vaqtida yoki uni to‘liq istisno qilgunga qadar to‘xtatish lozim. Simvastatinni qabul qilayotgan ayollar bolalarini emizmasliklari kerak. Fertillikka ta’siri haqidagi ma’lumotlar mavjud emas.

Ta’sir ko‘rsatmaydi yoki deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Bosh aylanishi mumkin. Preparat bolalar ololmaydigan joyda saqlansin va yaroqlilik muddati o‘tgach ishlatilmasin.

30°S dan yuqori bo‘lmagan haroratda saqlansin. Blisterlar karton qutida saqlansin.

Shu vaqtgacha dozani oshirib yuborilishining bir nechta hollari qayd etilgan bo‘lib, maksimal qabul qilingan doza 3,6 g ni tashkil etgan. Barcha patsiyentlarning salomatligi asoratlarsiz tiklangan. Simvastatin dozasi oshirib yuborilgan taqdirda maxsus davolash mavjud emas, simptomatik va qo‘llab-quvvatlovchi davolash buyuriladi.

Retsept bo‘yicha beriladi

Blisterlar (alyuminiy/PVX) qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma bilan birga karton qutiga o‘ramlangan. 20 mg li tabletkalar: 30 tabletkadan qutida. 40 mg li tabletkalar: 100 tabletkadan qutida.

2 yil.